Zafaron haqida

Муаллиф: ЎЗБЕКИСТОН ТАБОБАТ АКАДЕМИЯСИ АЪЗОСИ ШИФОКОР ВА ТАБИБ БЕҲЗОД БОТИРОВИЧ ЭГАМОВ 27.07.2019 06:46
Zafaron haqida

Yaqin Sharq va Hindiston hisoblanadi. U Shumer sivilizatsiyasi davrida ham mavjud bo‘lgan. Qadimgi Krit davlatidagi saroy devorlarida shafran terayotgan odamlar tasviri chizilgan. Eramizgacha bo‘lgan davrdagi Xitoy tibbiy kitoblarida, 1500 yil oldingi Misr yozuvlarida ham shafranning dorivor xususiyatlari yozib qoldirilgan. Bobur o‘zining “Boburnoma”sida Kashmir tog‘ va adirlarida za’faron o‘sishini ta’kidlagan. Botanikada ekma za’faron (shafran, krokus) (Crocus sativus L.) – ko‘p yillik tuganak piyozli o‘simlik bo‘lib, kasatiklar oilasiga mansub. Bir joyda 5–7 yilgacha yaxshi hosil beradi. Shafran so‘zi arabcha “za-fran” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, za’faron, sap-sariq, sarg‘ish degan ma’noni anglatadi. Bugungi kunda shafran o‘simligi Fransiya, Italiya, Turkiya, Eron, Hindiston, Xitoy, Pokiston, Ispaniya, Yaponiya, Ozarboyjon, Rossiya va boshqa mamlakatlar hududlarida keng tarqalgan. U juda qimmatbaho o‘simlik bo‘lib, bir gramm za’faronning narxi bir gramm oltin bahosi bilan teng.



Yevropaga bu o‘simlik arablar istilosidan keyin kirib kelgan. Oziq-ovqatga ziravor sifatida ishlatib kelingan. U juda yoqimli hid va xushbo‘ylik beradi. Ko‘plab ovqatlarga ta’m berish uchun solinadi. Ulug‘ allomamiz ibn Sino za’faronni ko‘pgina kasalliklarga qarshi qo‘llagani ma’lum.

Bundan tashqari, za’faron asabiylashishda, yurak-qon tomirlari, nafas yo‘llari kasalliklarida, siydik haydash va reproduktiv organlar muammolarida, immunitetni hamda ko‘z ko‘rishini yaxshilashda, og‘riqlarni qoldirishda juda foydalidir. Shuningdek, miya faoliyatini faollashtirishda, rak kasalining oldini olishda va insonlardagi mutagenlikni oshirishda keng qo‘llaniladi.

Ushbu o‘simlikning bir qancha o‘xshash turlari bo‘lib, ko‘pincha boshqa turlarni ham, masalan, Ozarboyjonda imeritinskiy shafranni, Meksikada maxsar gullarini, Hindistonda kurkumani za’faron deb sotishadi. Bizning bozorlarimizda ham maxsar gullarini za’faron deb sotish hollari uchrab turadi. Bu o‘simliklar za’faron bilan bir oilaga mansub, ammo ular za’faron emas. Yurtimizda za’faronning bir necha turlari endem holida uchraydi, ammo ularni o‘rganish lozim.

Ma’lumotlarga qaraganda, dunyoda yetishtirilayotgan za’faron mahsuloti miqdori juda kam bo‘lib, bor-yo‘g‘i 300 tonnani tashkil etadi. Uning 175 tonnasi Eronda yetishtirilib, 120 tonnasi eksport qilinadi.

Xo‘sh, bu o‘simlikni qanday yetishtirish mumkin? Uni mamlakatimizda o‘stirib bo‘ladimi? Shafran issiqlik va yorug‘likni sevadi, u ekilgan tuproq suvni yaxshi o‘tkazadi. Za’faron biologik xususiyatiga ko‘ra, tuproqda nam bo‘lgan paytlarda o‘sib-rivojlanadi. Yoz kelishi bilan vegetatsiyasini to‘xtatadi, ekilgan joyda namlik miqdori yuqori bo‘lsa, ildiz piyozlari chirib ketadi. Shuning uchun yoz paytlari quruq tuproqda yaxshi saqlanadi. Uning bir yilda ikki marta gullashi uchun o‘ziga xos havo harorati zarur. Kuzda gullashi uchun havoning issiqligi 12oS bo‘lishi va navlarini to‘g‘ri tanlash lozim. Ko‘pchilik hollarda erta bahorda yaxshi gullaydi, boshqa o‘simliklardan farqi birdaniga barg va gulining g‘unchalarini hosil qilishdadadir. Bo‘yi past bo‘lib, 10–12 sm. ni tashkil etadi. Za’faronning ochilgan guli o‘rtasida uch dona otalik changchilari bo‘ladi, ana shu changchilar terib olinadi.

Bir kilogramm za’faron terish uchun kamida 200 ming o‘simlikning gulidan otalik changchilar yig‘ib olinadi. Za’faron o‘simligi bor yo‘g‘i 3 kun davomida gullab turadi. Mana shu muddatda gullardan uch dona changchilarni terib olish lozim. Bir piyozdan bitta yoki uchta katta gul hosil bo‘ladi. Ular och binafsha, to‘q binafsha, ba’zan esa och sariq yoki to‘q sariq rangda bo‘ladi. Gullari qo‘ng‘iroqsimon bo‘lib, oltita gul bargi bor, uch dona otaligi ko‘rinib turadi. Ana shular terib olinib, quritiladi va sotiladi yoki foydalaniladi. Onaligi changlanib ulgurgan bo‘lsa, qo‘ng‘iroqcha ichida urug‘lari hosil bo‘ladi.

Piyozlar yoz paytida ekib qo‘yilsa, kuzgacha ildizlari joylashib oladi, yirik tuganaklari 8–10 sm, maydalari 4–5 sm chuqurlikka ekiladi. Ekishdan oldin jo‘yaklarga 1 m2 maydonga bir paqir chirigan go‘ng solinadi. Za’faron piyozlari bir joyda 4–5 yil turadi, keyin uni qazib olib, yaxshilab quritib, kaliy permanganat eritmasiga botirib olgach katta-kichikligiga qarab quritib saqlanadi. Piyozchalari o‘sib turgan davrda ko‘proq bolalashi uchun kichik piyozlarni ekish maqsadga muvofiqdir. Uning hosili bor-yo‘g‘i bir hafta davomida terib olinadi. Hosildorligi o‘ta yaxshi agrotexnik ishlov berilganda bir gektardan 20 kg. ni tashkil etadi. Odatdagi hosili esa 5–8 kilogrammga teng. 1 kg guli 2500 dan 5000 AQSh dollarigacha sotiladi.

Ispaniyalik fermerlar shafrandan olgan daromadiga bir yil davomida bemalol yashashadi. Internet ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda za’faronga talab juda katta, lekin mahsulot kam. Bizning hududlarimizda bu o‘simlikni ekib, o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Taxminlarga ko‘ra, tajriba yaxshi natija berishi lozim. Chunki bizning tog‘ oldi hududlarimiz, tekis cho‘llarimizda za’faronni ekishga qulay sharoit bor. Bu o‘simlikning biologiyasi va yetishtirish agrotexnikasini yaxshi o‘rganib, Erondan piyozlarini olib kelib, bilimdon, tadbirkor fermerlarni ushbu ishga jalb etsak, mamlakatimizda yana bir daromadli sohaga asos solinadi.